Nizom

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining oliy ta‘lim muassasalaridagi

Boshlang‘ich tashkilotlar to‘g‘risida

NIZOM

Umumiy qoidalar

 1. Mazkur Nizom O‘zbekiston yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari faoliyatini tartibga soladi.

 2. O‘zbekiston yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkiloti (keyingi o‘rinlarda boshlang‘ich tashkilot deb yuritiladi) Ittifoqning maqsad-vazifalarini oliy ta‘lim muassasasi miqyosida amalga oshiradigan, ta’lim muassasalaridagi talabalar va yosh o‘qituvchilarni o‘z atrofida birlashtiradigan, ularning manfaatlari va huquqlarini himoya qiladigan eng quyi tuzilma hisoblanadi.

 3. Boshlang‘ich tashkilot oliy ta’lim muassasasining Yoshlar ittifoqi maqsad-vazifalariga xayrixoh bo‘lgan kamida besh nafar yoshlarning tashabbusi bilan tuziladi hamda Ittifoqning mahalliy kengashlari tomonidan ro‘yxatga olinadi.

 4. Boshlang‘ich tashkilotlar oliy ta’lim muassasalarda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faoliyatini amalga oshiradi.

 5. Oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang’ich tashkilotlar o‘zlari joylashgan hududdagi Ittifoqning mahalliy kengashlariga birlashadi.

 6. Boshlang‘ich tashkilotlar yoshlar yetakchisi va yetakchilar kengashi faoliyat yo‘nalishi, qiziqishi hamda yoshlarning talab-istaklaridan kelib chiqqan holda, Ittifoqning mahalliy va hududiy kengashlari qoshida o‘z tashkilotlari (uyushmalar, markazlar, klublar, to‘garaklar, va boshqalar)ni tuzish tashabbusini bildirishi yoki mavjud tashkilotlarga ixtiyoriy qo‘shilishi mumkin.

 7. Boshlang‘ich tashkilotlar faoliyati O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tegishli mahalliy kengashlari hamda oliy ta’lim muassasasi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.

 8. Boshlang‘ich tashkilot o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, amaldagi qonun hujjatlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Ustavi, oliy ta’lim muassasasi faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar hamda mazkur Nizom asosida amalga oshiradi.

                   Boshlang‘ich tashkilotning maqsad va vazifalari.

 9. Boshlang‘ich tashkilotning asosiy maqsadi ta’lim muassasalarida yoshlarning ta’lim-tarbiya olishi uchun munosib sharoit yaratib berishga ko‘maklashish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda har tomonlama barkamol shaxslar bo‘lib yetishiga munosib hissa qo‘shishdan iborat.

 10. Boshlang‘ich tashkilot o‘z oldiga quyidagi vazifalarni qo‘yadi:

 - yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning ongiga milliy istiqlol g‘oyasi, milly qadriyatlar, diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va oilaviy qadriyatlarni chuqur singdirish;

 - yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan fuqarolik huquq va huquqiy islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish;

 - oliy ta’lim muassasasi yoshlarining muammolari, ta’lim sifati, fanlarni o‘zlashtirish darajasi, davomati, darsliklar va kutubxonadan foydalanish darajasini o‘rganib borish, yoshlar murojaatlarini ko‘rib chiqish va hal etishda ko‘maklashish;

 - yoshlarning chuqur bilim olishi, chet tillarini o‘rganishi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta egallashi hamda ularni kasb-hunarga yo‘naltirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish;

 - iste’dodli yoshlarni kashf etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish, intellektual va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga ko‘maklashadigan klub va to‘garaklar faoliyatini tashkil etish;

 - imkoniyati cheklangan hamda maxsus ehtiyojli yoshlarning inklyuziv ta’lim olishi uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan ishlarni qo‘llab-quvvatlash;

 - notinch oila farzandlari, tarbiyasi og‘ir va nosog‘lom muhitga tushib qolgan  yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvi hamda darslarni muntazam qoldirib kelayotgan talabalarni ta’lim jarayoniga qaytarish, qizlar o‘rtasida erta nikohlarning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borish;

 - yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishga qaratilgan huquqiy-tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish;

 - yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ularning kitobga bo‘lgan muhabbatini oshirish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish;

 - yoshlarda “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi zararli illatlar, axborot hurujlari, diniy aqidaparastlik, missionerlik, va ekstremistik g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish;

 - oliy ta’lim muassasasi yoshlari o‘rtasida yoshlar turizmini rivojlantirish, ularning o‘zlari yashayotgan hududdagi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar, muzeylar, teatrlar, mustaqillik davrida barpo etilgan inshootlarga tashrifini uyushtirish;

 - yoshlar, ayniqsa, qiz bolalar o‘rtasida sportni keng targ‘ib etish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash va turli sport musoboqalarida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berish;

 - yoshlarga tibbiy madaniyat, xususan, kasalliklardan himoyalanish yo‘llarini keng tushuntirishga qaratilgan targ ‘ibot tadbirlarini tashkil etish;

 -  yoshlar o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni targ‘ib qilish orqali ularda ekologik madaniyatni yuksaltirish, ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash.

Boshlang‘ich tashkilotning huquq va majburiyatlari

 11. Boshlang‘ich tashkilotning huquqlari quyidagilardan iborat:

 - oliy ta’lim muassasasi yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan o‘quv, tarbiya va boshqa jarayonlarda ishtirok etish, mas’ul xodimlar va o‘qituvchilardan zarur ma’lumotlarni olish hamda nazorat qilish;

 - oliy ta’lim muassasasidagi darslar sifati, o‘qituvchilar saviyasi va talabalar bilan munosabati, shuningdek, kutubxona, sport obyektlari faoliyatini  o‘rganish, reydlar, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish;

 - oliy ta’lim muassasasidagi sharoitlardan to‘la foydalanish, yoshlar ishtirokida to‘garaklar, klublar tashkil etish, ish rejadagi chora-tadbirlarning oliy ta’lim muassasasi tomonidan moliyalashtirishni talab etish;

 - oliy ta’lim muassasasi yoshlarning muammolari, taklif-tashabbuslari yuzasidan oliy ta’lim muassasasi rektori va yuqori tashkilotlarga takliflar kiritish;

 - nizomda belgilangan tartibda oliy ta’lim muassasasida qo‘shimcha tuzilmalarni tashkil etish;

 - faoliyatiga doir ma’lumotlarni tarqatish va targ‘ib etish.

       Boshlang‘ich tashkilot tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa huquqlardan ham foydalanishi mumkin.

 12. Boshlang‘ich tashkilotning majburiyatlari quyidagilardan iborat:

 - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, Yoshlar ittifoqi hamda oliy ta’lim muassasasi tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar doirasida faoliyat yuritish, ularda belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilish;

 - Yoshlar ittifoqining mahalliy, hududiy va respublika kengashlari, oliy ta’lim muassasasi kengashi hamda rahbariyatning tegishli topshiriqlari va ko‘rsatmalarini bajarish;

 - Yoshlar ittifoqining mahalliy kengashi hamda oliy ta’lim muassasasi rahbariga o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobotlarni o‘rnatilgan tartibda taqdim etib borish;

 - boshlang‘ich tashkilot uchun ajratilgan xonalar, moddiy-texnik vositalar va mablag‘lardan to‘g‘ri foydalanish;

 - oliy ta’lim muassasasining o‘quv, tarbiya va boshqa ishlariga ko‘maklashish.

 

Boshlang’ich tashkilotning tashkiliy tuzilishi

 13. Boshlang‘ich tashkilotning tashkiliy tuzilmasiga quyidagilar kiradi:

 - yoshlar yetakchisi saylovi;

 - umumiy yig‘ilish;

 - yoshlar kengashi (yoshlar yetakchisi, yoshlar kengashi yetakchilari);

 - fakultet yoshlar yetakchilari;

 - guruh yetakchisi;

 - talabalar turar joyi, mehnat jamoasidagi yetakchi;

 - boshlang‘ich tashkilot qoshidagi tuzilmalar (to‘garaklar, klublar va boshqalar)

 14. yoshlar yetakchisining saylovi har o‘quv yili boshi (sentabr oyi) da o‘tkaziladi.

 15. umumiy yig’ish faoliyati tartibi:

 - yoshlar kengashi ijrochi organ bo‘lib, boshlang‘ich tashkilot maqsad-vazifalari va rejalarining to‘liq bajarilishini ta’minlaydi;

 - yoshlar kengashi tarkibi yoshlar yetakchisi saylangandan keyin o‘tkaziladigan dastlabki umumiy yig‘ilishda yoshlar yetakchisi tomonidan e’lon qilinadi;

 - yoshlar kengashi faoliyatiga yoshlar yetakchisi rahbarlik qiladi.

 17. Yoshlar kengashini shakllantirish tartibi:

 - Yoshlar kengashi Yoshlar ittifoqning o‘zini o‘zi boshqaruvchi organi hisoblanadi;

 - yoshlar kengashi fakultet, oliy ta’lim muassasasi hududiy va respublika miqyosida saylanadi hamda faoliyat olib boradi;

 - yetakchi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasasi, hududiy hamda respublika yoshlar kengashiga faqat bir yo‘nalishda yetakchilik qilish huquqiga ega bo‘ladi;   

 - guruhlarda faqat 1 (bir) nafar yoshlar yetakchisi faoliyat yuritadi.

 18. Yoshlar kengashi a’zolari muassisning Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan tasdiqlangan imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega.

 19. Yoshlar yetakchisi lavozimiga ko‘rilayotgan nomzodlar:

 - 35 yoshdan oshmagan, yoshlar bilan ishlash amaliyotiga ega;

 - yetakchilik qobiliyati, notiqlik mahorati, tashabbuskorlik va fidoyilik xususiyatlariga;

 - boshqaruv qobiliyati, tashkilotchilik, jamoat bilan ishlash va ish yuritish bo‘yicha bilim-ko‘nikma hamda muayyan ish tajribasiga;

 - zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ishlash bo‘yicha malakaga;

 - yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir qiluvchi buzg‘unchi g‘oya va mafkuralar, ma’naviy tahdidlar, zararli illatlar haqida yetarli tasavvurga;

 - mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, yoshlarga oid davlat siyosati va ta’lim tarbiya jarayoniga doir me’yoriy-huquqiy hujjatlar hamda Yoshlar ittifoqi faoliyat tartibi to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.

 20. Yoshlar yetakchisining faoliyati tartibi:

 - yoshlar yetakchisi tashkilot faoliyatining samarali tashkil etilishini muvofiqlashtiradi, fakultet yoshlar kengashlari va guruh yetakchilari faoliyatiga rahbarlik qiladi, tizimdagi barcha yetakchilar faoliyatiga uslubiy ko‘mak ko‘rsatadi, a’zolarning taklif-tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi;

 - yoshlar yertakchisi Yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasasidagi boshlang‘ich tashkilot faoliyatiga rahbarlik qiladi;

 - oliy ta’lim muassasasi yoshlarining huquq va manfaatlarini himoya qiladi;

 - yoshlar masalalariga oid davlat qarorlari va dasturlari ijrosini ta’minlaydi;

 - boshlang‘ich tashkilot faoliyatini tashkil etadi va uning nomidan ish yuritadi;

 - boshlang‘ich tashkilot tarkibidagi to‘garaklar, klublar va boshqa tuzilmalar ishini boshqaradi;

 - yuqori tashkilotlar va oliy ta’lim muassasasi rahbariga boshlang‘ich tashkilot faoliyati yuzasidan so‘ralgan ma’lumot, axborot va hisobotlarni taqdim etib boradi;

 - boshlang‘ich tashkilot uchun belgilangan nomenklatura asosida ish yuritadi, yuqori tashkilotlar rahbarlari va oliy ta’lim muassasasi rektori topshiriqlarning bajarilishini ta’minlaydi;

 - boshlang‘ich tashkilot uchun ajratilgan xona, moddiy-texnik vositalar va mablag‘lardan maqsadli ravishda foydalanishni ta’minlaydi.

 21. Yoshlar yetakchisi oliy ta’lim muassasasining barcha Kengashlari va yoshlar masalasiga oid boshqa komissiyalarga a’zo sifatida qaratiladi.

 22. Yoshlar yetakchisi Ittifoqning mahalliy kengashi va oliy ta’lim muassasasi rektoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadi.

 23. Boshlang‘ich tashkilot faoliyatini tashkil etish uchun guruhlar, talabalar turar joylari va mehnat jamoasida yoshlar yetakchisi yuritadi.

 24. Boshlang‘ich tashkilot tizimida yoshlarning qiziqishi va taklif-istaklaridan kelib chiqib, turli to‘garaklar va tuzilmalar tashkil etilishi mumkin.

Yoshlar yetakchisi saylash

 25. Yoshlar yetakchisi saylovi oliy ta’lim muassasalari talabalari, yosh hodimlarining umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘gri saylov huquqi asosida ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

 26. Yoshlar yetakchisi oliy ta’lim muassasasining talabalari va yosh professor o‘qituvchilari orasidan saylanadi.

 27. Yoshlar yetakchisi lavozimiga nomzod hujjatlarini har o‘quv yilining 10 sentabr kuniga qadar oliy ta’lim muassasasi rahbariyatiga taqdim etadi.

 28. Nomzodlarga saylovoldi tashviqotni olib boorish uchun 10 kun muddat (11 sentabrdan 20 sentabrgacha) beriladi. Nomzodlar bu vaqt oralig‘ida saylovchilarni o‘z dasturlari bilan tanishtiriladi.

 29. Yoshlar yetakchisi sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish ochiq va oshkora tarzda amalga oshiriladi.

 30. Saylovoldi tashviqoti saylov kunidan bir kun oldin to‘xtatiladi.

 31. Saylovlar 22 yoki 23 sentabr kuni soat 8:00 dan 18:00 gacha o‘tkaziladi.

 32. Saylovda saylovchilarning nisbatan ko‘p ovozini to‘plagan nomzod yoshlar yetakchisi etib saylangan hisoblanadi.

 33. Saylovchilarning 33 foizidan kami qatnashgan saylov o‘tmagan deb topiladi.

 34. Yoshlar yetakchisi saylovi o‘tmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, shuningdek, agar yoshlar yetakchisi saylovida bitta nomzod ishtirok etgan bo‘lsa va u zarur miqdorda ovoz to‘play olmgan bo‘lsa, takroriy saylov o‘tkaziladi. Takroriy saylov ushbu Nizomda asosiy saylovni o‘tkazish uchun belgilangan tartibda hamda undagi shartlarga rioya etilgan holda o‘tkaziladi.

       Takroriy saylov asosiy saylov o‘tkazilganidan keyin 10 kun ichida o‘tkaziladi.    

 35. Ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishi va saylov qanday o‘tayotganini yoritib borishi mumkin.

 36. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish joylarida va ovozlarni hisoblash jarayonida matbuot televideniya va radio vakillari qatnashish huquqiga ega.

 37. Yoshlar yetakchisi saylovi yakunlari to‘g‘risidagi axborot saylov kunidan kechiktirmay e’lon qilinadi.

Boshlang‘ich tashkilot faoliyatini moddiy qo‘llab-quvvatlash

 38. Oliy ta’lim muassasasi tomonidan boshlang‘ich tashkilot alohida xona, ish stoli va stullar, javonlar, komputer jamlanmasi, printer, proektor, ekran, raqamli fotoapparat, flipchart hamda zaruriy devonxona mollari bilan ta’minlanadi.

 39. Boshlang‘ich tashkilotning ish rejasida belgilangan chora-tadbirlar oliy ta’lim muassasasining ish rejasiga kiritiladi.

 40. Boshlang‘ich tashkilot faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar, uslubiy qo‘llanmalar va tarqatma materiallar bilan Yoshlar ittifoqi tomonidan ta’minlanadi.

Boshlang‘ich tashkilot faoliyatini to‘xtatish

 41. Boshlang‘ich tashkilot faoliyatini to‘xtatishga asosli sabablar bo‘lsa uning faoliyati umumiy yig‘ilish qarori bilan o‘rnatilgan tartibda tugatiladi.