Oliy adabiyot kursi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining ikki yillik maxsus Oliy Adabiyot kursi Nizomi O‘zbekiston Respublikasining “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 2 martdagi 36 son qarori bilan tasdiqlangan “Magistratura to‘g‘risidagi Nizom”, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi PQ–2909 raqamli  “Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil         5 apreldagi “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3652-son Qarorlariga muvofiq tashkil etildi. 

Oliy Adabiyot kursida “Adabiyotchi” mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlanadi.

Oliy Adabiyot kursida o‘qitish davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. 

Oliy Adabiyot kursi bitiruvchilariga o‘qish yakunida “Adabiyotchi” mutaxassisligi bo‘yicha magistr darajasi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi magistr diplomi beriladi.

 Oliy Adabiyot kursining asosiy vazifalari:

  • o‘zbek yozma adabiyotining ilg‘or an'analarini munosib davom ettirish salohiyatiga va yuksak adabiy idrokka ega mutaxassis va ijodkorlarni tayyorlash;
  • ommaviy-axborot vositalari, shu jumladan, elektron ommaviy-axborot vositalari tizimida, nashriyot, davlat va nodavlat tashkilotlarida o‘zbek adabiy tilida tahrir, tarjima va korrektura ishlarini amalga oshiruvchi mutaxassislarni tayyorlash;
  • ijodda maktab yaratgan shoiru adiblar mahorat maktablarini tashkil etish orqali va ustoz-shogirdlik tizimi asosida ijodkor yoshlar uchun o‘z iste'dodini to‘laqonli namoyon etish imkoniyatini yaratish;
  • yosh avlodning adabiy-estetik didini oshirish va bu orqali jamiyat ma'naviyatini yuksaltirish ishiga munosib hissa qo‘shish kabilardan iborat.

 Oliy Adabiyot kursini muvaffaqiyatli bitirgan magistr mutaxassislarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va uning viloyat bo‘limlari, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimi, Respublika Yoshlar ittifoqi, Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi, viloyat hokimiyatlari ish bilan ta'minlashi nazarda tutilgan.

Mutaxassis tayyorlash tartibi va faoliyat turlari Oliy Adabiyot kursi Nizomi va Malaka talablariga asosan belgilanadi.